2022-yilning 8-aprel kuni “Abdulla Qodiriy” nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tarmoq markazi xodimlari va aprel oyi tinglovchilari ishtirokida Abdulla Qodiriy tavalludining 128 yilligi munosabati bilan adibning ijodiga bag‘ishlangan “Abdulla Qodiriy istiqlol fidoyisi” mavzusida adabiy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Yorqin, barchaga keng ma’lum shoir va yozuvchi, dramaturg va publitsist, xalqning ardoqli farzandi, ulug‘ so‘z san’atkori, milliy romanchilik maktabiga tamal toshini qo‘ygan inson, hayot haqiqatigi yo‘g‘rilgan hikoya va hajviyalari bilan milliy adabiyotimiz xazinasini boyitgan, uni yangi bosqichga olib chiqqan benazir adib Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatida “Adabiyotshunoslar” va “Tilshunoslar” o‘zlarida bor bilimlar bilan o‘rtoqlashishdi. Aprel oyi O‘zbek adabiyotshunosligi yo‘nalishi tinglovchisi Maxmudov Jasur mutaxassis sifatida Abdulla Qodiriyning adabiyot olamidagi o‘rni, adabiy me’rosi, adib asarlaridan sahnalashtirilgan kinofilmlar va ularning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati borasida keng tushunchalar berib o‘tdi. O‘zbek tilshunosligi yo‘nalishi tinglovchisi Kahharov Shuhrat esa “Abdulla Qodiriyning o‘zbek tilshunosligiga qo‘shgan hissasi” mavzusida o‘zi to‘plagan bilimlarini hamkasblari bilan o‘rtoqlashdi.
So‘ngra tinglovchilar Abdulla Qodiriyning uy muzeyiga tashrif buyurishdi. Abdulla Qodiriy yashagan ikki qavatli uy va shiypon, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy muzeyni ko‘zdan kechirishdi. Muzey direktori va ilmiy xodim tomonidan Qodiriyning ilmiy-adabiy merosi haqida yangi va qiziqarli ma’lumotlar berildi.









