ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI HUZURIDAGI PEDAGOG KADRLARNI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TARMOQ MARKAZI DAVLAT MUASSASASI
U S T A V I
I. Umumiy qoidalar
- Mazkur Ustav O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012-yil 26-sentabrdagi 278-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4732-sonli farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 242-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2016-yil 13-maydagi PF-4797-sonli farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 152-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (keyingi o‘rinlarda matnda Markaz deb yuritiladi) faoliyatini belgilaydi.
- Markaz o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror, farmon va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda matnda Vazirlik deb yuritiladi), Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi (keyingi o‘rinlarda matnda Bosh ilmiy-metodik markaz deb yuritiladi) hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (keyingi o‘rinlarda matnda Universitet deb yuritiladi) qaror va buyruqlari, shuningdek, mazkur Ustav asosida olib boradi.
- Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, o‘z emblemasi, shtampi, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining g‘aznachiligida hisob raqamiga ega bo‘ladi.
- Markaz Vazirlikning oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun davlat budjetidan yillik parametrlari doirasida ajratilgan mablag‘lar, shartnoma asosida oliy ta’lim tizimining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan tushgan mablag‘lar, xalqaro tashkilotlarning xayriya mablag‘lari, grantlari hamda xo‘jalik faoliyatidan olingan mablag‘lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
- Markaz Vazirlikka, Vazirlik huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazga hamda Universitetga bo‘ysunadi va o‘z faoliyatini o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
- Markazning pochta manzili – 100100, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, O‘qituvchilar ko‘chasi, 103.
- Markaz rasman quyidagicha nomlanadi:
davlat tilida: “Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi”.
rus tilida: “Отраслевoй центр переподготовки и повышения квалификации педагогических кадров при Ташкентском государственном университете узбекского языка и литературы”.
ingliz tilida: “The branch center for teachers retraining and professional development of under the Tashkent state university of uzbek language and literature”.
II. Markazning maqsadi va vazifalari
- Markazning maqsadi – o‘quv-tarbiya jarayonini yuqori ilmiy-uslubiy darajada ta’minlash, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlari asosida kasbiy va pedagogik mahoratni doimiy ravishda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va mahoratlarni muntazam ravishda yangilab borishdan iborat. Xususan:
- O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassislari, soha pedagog kadrlarini umumkasbiy va ixtisoslik fanlari, gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy-ilmiy bloklar fanlari va boshqa maxsus kurslar va tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
- respublika oliy ta’lim muassasalari o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini takomillashtirish, pedagog kadrlarning bilimi va kasbiy mahoratini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning rivojlanib borishiga uyg‘unlashtirish, ulardagi innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga joriy qilish, filolog-pedagoglarning tegishli yo‘nalishlar va sohalar bo‘yicha yangi bilim hamda texnologiyalarni o‘zlashtirishlariga keng imkoniyat yaratib berish;
- o‘zbek tili va adabiyotining tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirishga, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha pedagogik kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirishga yordam berish Markazning maqsadini tashkil qiladi.
- Markazning asosiy vazifalari:
- qayta tayyorlash va malaka oshirishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
- pedagog kadrlarning kasbiy bilimlari, ko‘nikma va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq oliy ta’lim sifatini ta’minlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini ta’minlash, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish;
- o‘zbek tili va adabiyoti sohasida faoliyat olib borayotgan pedagogik kadrlarni umumkasbiy va ixtisoslik fanlari, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlari bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy o‘quv-metodik, axborot-ma’lumotlar bazasini yaratish;
- ta’limning barcha bo‘g‘inlari o‘quv jarayoniga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari, jumladan, Internet global tarmog‘idan foydalangan holda zamonaviy pedagogik, axborot texnologiyalarini joriy etishga, pedagogik mahorat hamda pedagoglarning tahliliy va ijodiy fikrlashini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan malaka oshirishning maqsadli kurslarini tashkil qilish;
- umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’limning gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy-ilmiy bloklari fanlari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlashni inobatga olgan holda oliy ta’lim muassasalari tarmoq pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish;
- zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish;
- o‘zbek tili va adabiyoti pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning dolzarb ilmiy muammolari bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;
- soha pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha respublika va xorijiy mamlakatlar ilg‘or tajribalarini ommalashtirib borish;
- ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan o‘zbek tiliga o‘giradigan tarjimonlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- kasbiy soha pedagogik xodimlarining nutq madaniyati va notiqlik mahoratini o‘stirish.
III. Markazning huquqlari va majburiyatlari
- Markaz quyidagi huquqlarga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘z vakolati doirasida hamkorlik shartnomalarini tuzish;
- ta’lim tizimini takomillashtirish borasida turli xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rgazma, konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
- xalqaro ta’lim va ilmiy muassasalari hamda turli jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish;
- ta’lim muassasasi ilmiy kengashiga va rahbariyatiga takliflar bilan chiqish;
- o‘z faoliyati haqida matbuot va internet-saytlari orqali axborot tarqatish;
- o‘z faoliyatiga daxldor masalalar bo‘yicha majlislar, konferensiyalar o‘tkazish;
- ilm va ta’limga oid xalqaro tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazishda ishtirok etish;
- Markaz faoliyati doirasida qo‘yilgan vazifalarni bajarish maqsadida vaqtinchalik mehnat jamoasi tuzish, xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif qilish;
- xalq xo‘jaligi turli sohalarining korxona va tashkilotlari, muassasalari xodimlari uchun pulli shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
- O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan va Ustavga zid bo‘lmagan boshqa faoliyatlarni amalga oshirish.
- Markazning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
- kurslar doirasida sifat jihatidan yuqori tashkiliy va kasbiy darajada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur o‘quv, uslubiy va moddiy-texnika bazasini tashkil etish;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha zarur axborot-ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqishni va ularni joriy etishni tashkil etish;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgan tinglovchilar uchun pedagogik amaliyot hamda ular tomonidan ochiq ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni tashkillashtirish;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida kurslarning boshqa joylardan kelgan tinglovchilariga oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalaridan yashash uchun joy ajratishni ta’minlash;
- pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini olib borishda respublikadagi soha bo‘yicha mavjud tajriba, salohiyat va imkoniyatlardan keng foydalanishni tashkil etish.
IV. O‘quv va ilmiy-metodik ishlarning sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari
- Markaz direktorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilingan shaxslar tinglovchi hisoblanadi va ular quyidagi huquqlarga ega:
- fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
- Markaz axborot-resurs markazida mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
- auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
- ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda markaz rahbariyatiga bildirish va ularni ko‘rib chiqilishini talab qilish;
- Markaz miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;
- ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda qatnashish;
- sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
Markazning tinglovchilari quyidagi majburiyatlarga ega:
- Tinglovchilar o‘z huquqlarini yaxshi anglagan holda, undan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
- Tinglovchilar Markazda mavjud qayta tayyorlash va malaka oshirish yo‘nalishlari o‘quv rejasi va ta’lim dasturlarida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda markazning Ustaviga, ichki mehnat tartib qoidalari va tinglovchilar turar joylari qoidalariga qat’iy rioya etishlari shart.
- Ushbu Ustav va Markazning ichki mehnat tartib-qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda tinglovchiga nisbatan ogohlantirish hamda tinglovchilar safidan chetlatish intizomiy choralari ko‘riladi.
Tinglovchilar markazdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o‘z xohishiga ko‘ra;
b) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
v) shartnoma asosida o‘qitish bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaganligi sababli (shartnoma asosida o‘qiyotgan tinglovchilar uchun);
g) o‘quv intizomini va Markazning ichki mehnat tartib-qoidalarini buzganligi uchun.
Intizomiy choralar ko‘rilgan tinglovchi o‘ziga nisbatan choraning qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda norozilik bildirishi mumkin.
- Markaz xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
- Markaz faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
- o‘qitishning uslub va vositalarini tanlash, ilmiy va o‘quv jarayonining yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- qonunchilikda belgilangan tartibda lavozimlarni egallash, tanlovlarda qatnashish;
- o‘zlari ishlayotgan lavozimlardan tashqari boshqa ta’lim muassasalari va tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);
- nazariy bilimlar, amaliy tajribani takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish;
- grantlar, ilmiy loyihalarda ishtirok etish;
- markaz faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama etishda va hal qilishda ishtirok etish;
- O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
- Markaz pedagog kadrlarining majburiyatlari:
- ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, mazkur Ustav va ichki mehnat tartibi qoidalariga qat’iy rioya kilish;
- o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va pedagoglik sha’niga dog‘ tushirmaslik;
- ish jarayonida muloqot qiladigan muassasa xodimlari, tinglovchilari va boshqa shaxslar bilan xushfe’l munosabatda bo‘lish;
- ish beruvchining qonuniy topshiriq va farmoyishlarini o‘z vaqtida sifatli bajarish;
- har yili tasdiqlanadigan shaxsiy reja asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
a) o‘quv yuklamalari hajmini, o‘quv-uslubiy, ilmiy, o‘quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy reja asosida bajarish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;
b) o‘quv adabiyotlar tayyorlash, ilmiy maqolalar yozish, ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat intizomi, mazkur Ustav va markaz Ichki mehnat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilish;
v) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;
- chet tili va axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirib borish;
- ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni rivojlantirish;
- davlat siyosati, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;
- mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalarga rioya qilish;
- markaz mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;
- ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy moddiy zararni qoplash;
- markazning jamoatchilik ishlarida faol qatnashish;
- ilmiy va pedagogik jarayonning samaradorligini ta’minlash;
- tegishli fan dasturini fan va texnika yutuqlari asosida muntazam boyitib borish;
- dars va mashg‘ulotlarning yuqori saviyada o‘tish;
- o‘zining odobi, madaniyati va ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;
- kiyinish madaniyatiga rioya qilish;
- fan yo‘nalishiga oid yangi manbalarni topish va ular bilan tinglovchilarni muntazam ravishda tanishtirib borish;
- har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi va o‘quv-uslubiy majmuasini ishlab chiqish va tegishli tartibda tasdiqlash;
- yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini dars jarayonida qo‘llash;
- ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish;
- nazariy bilimlar va amaliy tajribani, ilmiy tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish.
- Markazning barcha xodimlari va tinglovchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qat’iy amal qilishlari shart.
- Markaz pedagog kadrlar va xodimlarining chet el xizmat safarlari Vazirlikning buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to‘g‘risida”gi muvaqqat yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.
- Markaz bo‘limlari, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va majburiyatlari Markaz ichki mehnat tartib-qoidalari va lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.
V. O‘quv va ilmiy-metodik ishlar
- Markazning pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv va ilmiy-metodik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 242-sonli qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tegishli yo‘nalishlar uchun ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari hamda yillik ish rejalari asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim tizimining o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlari Bosh ilmiy-metodik markaz bilan kelishilgan holda belgilanadi.
- Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim dasturlari doirasida ta’lim olish uchun o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan davlat talablari qo‘llaniladi.
Ta’lim jarayonini tashkil etish o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari asosida tuzilgan hamda Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
- O‘quv mashg‘ulotlarining ma’ruza, amaliy mashg‘ulot va seminar, joylarda amaliy mashg‘ulotlar, tajriba almashish va boshqa shakllaridan foydalaniladi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlari asosida o‘quv kurslarini masofaviy o‘qitish ham amalga oshiriladi.
Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 80 minutlik tanaffussiz juft akademik soat belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.
- Pedagog kadrlar toifasidagi tinglovchilarga o‘qish natijalariga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan davlat namunasidagi sertifikat (diplom) beriladi.
- Markazda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’limni individuallashtirish va mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo‘llash hisobiga ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-metodik ishlar amalga oshiriladi.
Markaz ilmiy ishlar rejasi bo‘yicha ilmiy-metodik tadqiqot ishlarini olib boradi.
Ilmiy tadqiqotlar quyidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi:
- fan, texnika va texnologik taraqqiyotning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni bajarish uchun ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan;
- shartnoma asosida sohaviy vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar va boshqalar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan.
VI. Markazning tarkibi
- Markazning tashkiliy tuzilmasi quyidagi ma’muriy va boshqaruv bo‘limlardan iborat:
- Direktor;
- Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim jarayonini tashkil etish va sifatini o‘rganish bo‘limi;
- Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim dasturlari va ilg‘or tajribani joriy etish bo‘limi;
- Buxgalteriya.
- Markaz tuzilishi va undagi o‘zgarishlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh ilmiy-metodik markaz hamda universitet bilan kelishilgan holda qonun hujjatlariga muvofiq direktor tomonidan tasdiqlanadi.
VII. Markaz boshqaruvi
- Markazga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda universitet rektori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor pahbarlik qiladi.
- Direktor:
- Markaz faoliyatiga yakka tartibda umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Markaz nomidan ish olib boradi;
- barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi;
- Markaz mol-mulkiga mas’ullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida markazning hisob raqamini ochadi;
- Markaz mol-mulki va moliyaviy mablag‘laridan o‘rnatilgan tartibda foydalanish bo‘yicha buyruqlar beradi;
- barcha xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;
- Markaz bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi hamda xodimlarning xizmat vazifalarini belgilaydi;
- o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq Markaz faoliyatini tashkil etadi, amaldagi tuzilmasiga Vazirlik va Bosh ilmiy-metodik markaz bilan kelishilgan holda xodimlarning soni bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritadi;
- universitet rektori bilan kelishgan holda bo‘lim boshliqlari lavozimlariga nomzodlarni tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi;
- xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
- qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi;
- mehnat, ijro intizomini, mehnatni muhofaza qilish shart-sharoitini ta’minlaydi;
Markaz faoliyati bo‘yicha Vazirlik huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazga muntazam ravishda hisobot berib boradi.
VIII. Markaz faoliyatini tashkillashtirish va uning moddiy-texnik ta’minoti
- Markaz faoliyatini tashkillashtirish manbalari quyidagilar:
- oliy ta’lim muassasalari o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun davlat budjetidan yillik parametrlari doirasida ajratilgan mablag‘lar;
- shartnoma asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar;
- yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z xohishiga ko‘ra qilgan hadyalari va maqsadli badallari;
- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
- Markaz zarur hollarda tegishli oliy ta’lim muassasasining, shuningdek, boshqa soha korxona va tashkilotlarining moddiy-texnik bazasidan foydalanishi mumkin.
IX. Yakuniy qoidalar
- Markaz O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda quyidagilarga javob beradi:
- uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligiga;
- ta’lim jarayonida o‘quv reja va jadvallarga muvofiq ta’lim dasturlari hajmini to‘liq bajarmaganligiga;
- ta’lim jarayoni vaqtida tinglovchi va xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga;
- tinglovchi va Markaz xodimlari huquq va erkinliklarining buzilganligiga;
- O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlarga.
- Markaz O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va qoidalar asosida qayta tashkil kilinishi yoki tugatilishi mumkin.
- Markaz Ustavi Vazirlik tomonidan tasdiqlanib, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va kuchga kiritiladi.
- Ustavga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

