
Mamlakatimiz kelajagi – oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasi uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, alohida eʼtiborga muhtoj boʻlgan bolalarning taʼlimi va ijtimoiy himoyasi muhim ahamiyatga ega soha sanaladi.
Baʼzi sabablarga koʻra rivojlanishida muammolari bor bolalarning umumiy yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya olishlari, ijtimoiylashuvi va jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi doimiy davlat eʼtiboridagi masalalardir.
Hukumatimizning qator qonun hujjatlarida jamiyatimizning bir boʻlagi boʻlgan alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, sogʻlom bolalar qatoridan oʻrin olib oʻz qobiliyati, imkoniyatlarini koʻrsata olishga, maʼnaviy komil topishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Jumladan, bugungi kun talablari asosida inklyuziv taʼlimni joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi tahriridagi Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga inklyuziv taʼlim tushunchasi kiritildi.
Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.




